Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

Hujjat 05.04.2018 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 06/18/5398/1004-son)
 LexUZ sharhi
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirlar nomi

Bajarish muddati

Mas’ul ijrochilar

I. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va mustahkamlash

1.

Toshkent shahrida zamon talablariga mos bo‘lgan “Zamonaviy san’at galereyasi”ni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

2017-yil
IV chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahri hokimligi

2.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi madaniy-ma’rifiy muassasalarning namunaviy shtatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2017-yil
IV chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

3.

Haykaltaroshlik monumental asarlarini yaratish uchun mos, kerakli sharoitga ega bo‘lgan bino masalasini hal etish maqsadida Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda haykaltaroshlik monumental asarlarini yaratish uchun mos, bo‘sh binoni Badiiy akademiya balansiga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri hokimligi

4.

Tasviriy va amaliy san’at, dizayn sohasida samarali faoliyat olib borayotgan, milliy madaniyatni avaylab asrash va targ‘ib qilish, ma’naviy boy, jismonan baquvvat, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissalarini qo‘shayotgan ijodkorlarni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Oltin”, “Kumush” medallari, diplomlari bilan taqdirlash bo‘yicha nizom ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2017-yil
IV chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi

5.

Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish yuzasidan ularning ijodiy faoliyatini mehnat stajiga kiritish bilan bog‘liq tegishli taklif tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2018-yil
I-yarim yillik

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi

6.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining barcha yo‘nalishlarida samarali mehnat qilib, uning samaradorligini oshirishga hissa qo‘shib kelayotgan fidoiy mutaxassislarni mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida ularning lavozim maoshlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlar masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha loyiha tayyorlash va kiritish.

2018-yil
III
chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi

II. Badiiy akademiya tizimidagi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy jihozlash va samarali ijodiy faoliyat olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tasviriy va amaliy san’at, dizayn sohasida samarali faoliyat olib borayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash

7.

Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Lutfiy ko‘chasi, 10a-uyda joylashgan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondida saqlanayotgan 17 mingdan ortiq badiiy qiymatga ega tasviriy va xalq amaliy san’ati durdonalarini saqlash uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida fond binosini mukammal rekonstruksiya qilish ishlarini Investitsiya dasturiga kiritish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflarni va tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlash.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi.

8.

Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarini muntazam ravishda sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlariga imtiyozli narxlarda yo‘llanmalar bilan ta’minlash masalasi yuzasidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yillik rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi

9.

Respublika rassomlik kolleji (P. Benkov) respublikamizning chekka hududlaridan kelib tahsil olayotgan o‘quvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 400 o‘rinli o‘quvchilar turar joyi uchun yangi bino qurilishi bo‘yicha;

Respublika dizayn kollejining o‘quvchilar turar joyi tipida qurilgan binosini kapital rekonstruksiya qilish va zamonaviy tipdagi 200 o‘rinli o‘quvchilar turar joyiga qayta moslashtirish bo‘yicha;

Qo‘qon tasviriy va amaliy san’at kollej binosini kollejning umumiy kontingenti va binoning hozirgi quvvatini hisobga olgan holda qo‘shimcha yangi o‘quv bino qurish masalalari bo‘yicha keyingi yillarda Investitsiya dasturiga kiritilishini ta’minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan loyiha tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2018-yil
II chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Farg‘ona viloyat hokimiyati.

10.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bo‘limlarining ijodiy ustaxonalari faoliyatini takomillashtirish, usta-shogird an’analarini yanada rivojlantirish hamda ularni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan maxsus dastur ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar

11.

Ichki va tashqi turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi shaharsozlik doirasida barcha qurilish obyektlarini smetasiga badiiy ishlarni kiritish bo‘yicha (haykaltaroshlik, monumental haykaltaroshlik, dastgohli rangtasvir, grafiga, keramika, landshaftlar) tayyorlanadigan loyihalarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ishtirokini ta’minlash.

doimiy

Davlat raqobat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

12.

O‘zbek tasviriy va amaliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish maqsadida xalqaro miqyosdagi ko‘chma ko‘rgazmalarni tashkil etish, xalqaro miqyosdagi madaniy aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, jahon hamjamiyatiga o‘z ijodiy ishlarini tanishtirish maqsadida mualliflarning o‘z asarlarini mamlakatimiz hududidan olib chiqish bilan bog‘liq to‘lovlardan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarini ozod qilish masalasini ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan takliflarni tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2018-yil
III chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi

III. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar, tadbirlar hamda ko‘rgazmalar faoliyati, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini chuqur g‘oyaviy mazmun bilan boyitilishini ta’minlash, ko‘rgazmalar faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning badiiy va ma’naviy saviyasini oshirish

13.

O‘zbekistonda keng ko‘rgazma faoliyati orqali mamlakatimizning boy tarixi, bugungi yutuqlarini xalqimizga va dunyo jamoatchiligiga tanitish, o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarga xorijiy mehmonlar, sayyohlarning hamda mahalliy aholi, o‘quvchi va talabalarning tashrifini ko‘paytirish maqsadida tizimdagi mavjud ko‘rgazma zallarini hozirgi zamon talablariga mos ravishda ta’mirlash va ko‘rgazma zallarini jahon standartlariga javob beruvchi ko‘rgazma (vitrina, vitraj, stendlar va boshqa), orgtexnika (monitor, videoproyektor va boshqa), mebel jihozlari, yoritish tizimlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha taklif tayyorlash va Moliya vazirligiga kiritish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi

14.

Ijodkorlarning Milliy istiqlol g‘oyasini tasviriy va amaliy san’atimiz orqali targ‘ib qilish yo‘lidagi harakatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda katta ahamiyat kasb etuvchi an’anaviy “Tasviriy va amaliy san’at festivali”ni yuqori darajada tashkil etish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar

15.

Tarixiy va zamonaviy o‘zbek amaliy san’atini respublikada hamda xorijda keng targ‘ib qilish, jamoatchilikni milliy va chet el madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishtirish va targ‘ib qilish ishlarini yuksak pog‘onaga ko‘tarish maqsadida “I-Toshkent Xalqaro amaliy san’at Biyennalesi” va “Zamonaviy san’at Biyennalesi”ni har ikki yilda bir marta o‘tkazish.

Har ikki yilda

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat va�irligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati va manfaatdor vazirlik va idoralar

IV. Tasviriy va amaliy san’ati hamda dizayn sohalarda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, bu borada zamonaviy pedagogik va xalqaro tajribalardan foydalanish, ta’lim tizimini isloh qilish.

16.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining ta’lim tizimini isloh qilish yuzasidan mavjud masalalarni “2017 — 2021-yillarda Respublika Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish Dasturi”ga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2017-yil
IV chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati.

17.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining mutaxassislik yo‘nalishida kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini tashkil etishni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, Davlat qabul komissiyasiga kiritish

2018-yildan muntazam

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi

18.

Badiiy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish va mazkur tizimda vertikal boshqaruvga asoslangan malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi

19.

Tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishida ustoz-shogird tizimini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Akademiklari, O‘zbekiston Xalq rassomlari, Xalq ustalari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari unvonlariga ega bo‘lgan mutaxassislarni darajada deb belgilashda, Badiiy ta’limning mutaxassislarini darajasini belgilashda ularni Oliy Attestatsiya Komissiyasi bilan birgalikda ilmiy unvonlarga tenglashtirish mezonlarini qayta ishlab chiqish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi

20.

Tizimdagi ta’lim muassasalarida yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi

21.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ta’lim tizimida badiiy va ilmiy salohiyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, jahon standartlari talablariga muvofiq akademik badiiy ta’limni o‘ziga xosligini inobatga olib Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti salohiyatini belgilashda ilmiy salohiyatga bo‘lgan talabni inkor etmagan holda, badiiy salohiyatni birlamchi etib olish bilan bog‘liq Oliy ta’limdan keyingi ta’limni tashkil etishga doir takliflarni ishlab chiqish va kiritish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

22.

Bolalar san’atini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, Badiiy akademiya tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlaridagi akademik badiiy ta’lim jarayonini isloh qilish, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etayotgan mavjud muammolarni hal qilish, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida ta’limni 1 — 11-sinflarda tashkil etish hamda musiqa yo‘nalishini saqlab qolish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 173-son qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorlash va tasdiqlash.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

23.

Badiiy ta’lim yo‘nalishidagi muassasalarda o‘qitishning sifat darajasini oshirish va o‘quvchi-talabalar plastik anotomiyani mukammal o‘zlashtirishini ta’minlash maqsadida badiiy (tasviriy va amaliy san’at) ta’limga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari, ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari uchun jonli natura mehnati va ularning mehnatiga haq to‘lash tizimini ishlab chiqish.

2018-yil
I chorak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida badiiy ijodning boshqa turlari qatori tasviriy san’at sohasi rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 23-yanvarda imzolangan “O‘zbekiston Badiiy akademiyasini tashkil etish haqida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martda qabul qilingan shu yo‘nalishdagi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tarixiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalar asosida Badiiy akademiya tomonidan o‘tgan yigirma yil mobaynida tasviriy san’at sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, rassomlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, yosh rassomlarni tarbiyalash borasida ko‘p ishlar qilindi.

Bu haqda so‘z borganda, Badiiy akademiya tarkibida tasviriy san’at sohasi bo‘yicha milliy ta’limning ko‘p bosqichli tizimi shakllantirilgani, “San’at” jurnali tashkil etilib, u 1998-yildan buyon uch tilda — o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilayotgani, boy badiiy merosimiz va zamonaviy tasviriy san’atimizning rivojlanish tendensiyalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarning moddiy, ilmiy-uslubiy bazasi mustahkamlanganini ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy madaniyat va san’at arboblari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazish bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllangani, mamlakatimizning ko‘plab rassomlari xalqaro anjuman va ko‘rgazmalar, festival va tanlovlarda qatnashib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani, o‘nlab ijodkorlar davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgani ham Badiiy akademiya faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

Ayni vaqtda hozirgi jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan davrning o‘zi tasviriy san’at sohasini yanada taraqqiy ettirish, uning bugungi kundagi o‘rni va mavqeyini oshirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirishni talab etayotganini e’tirof etish lozim.

Ayniqsa, tasviriy san’at ijodkorlarining imkoniyat va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish, rangtasvir va amaliy san’at asarlarining yuksak sifatini ta’minlash borasida keyingi paytlarda dolzarb muammolar to‘planib qolgani, jumladan, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarning bugungi kun talablariga javob bermasligi, mavjud moddiy-texnik bazaning nochorligi, malakali kadrlar yetishmasligi, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish hamda ijodkorlarni har tomonlama rag‘batlantirish va iste’dodli yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirishda yuzaga kelayotgan sustkashliklar mazkur sohaga davlatimiz tomonidan e’tiborni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Ma’lumki, 2017-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida madaniyat, adabiyot va san’at sohasini, jumladan, tasviriy san’at yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. O‘tgan qisqa muddatda ana shu taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 10 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.

Kecha imzolangan “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror shu yo‘nalishdagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi.

Qarorda xalqimizni tasviriy san’at namunalaridan bahramand etish va dizayn yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, san’at asarlarida milliy va umuminsoniy an’analarni yuksak darajada ifoda etishga erishish, yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarning badiiy saviyasini oshirish, rassomlik va dizayn sohasiga ixtisoslashgan ta’lim tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati maktablarining an’�nalarini saqlash va davom ettirish, zamonaviy dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Yana bir muhim jihati shundaki, mazkur qaror asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017 — 2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi va mazkur dasturni amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Qarorda mamlakatimiz madaniy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha masalalarga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish maqsadida jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, madaniyat va san’at ustalari o‘rtasida o‘zaro foydali tajribalar almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida har tomonlama ijodiy aloqalarni rivojlantirish belgilangan.

Ushbu qarorda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn an’analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Yana shunisi muhimki, qarorda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarni rag‘batlantirish, shuningdek, bolalar san’atini rivojlantirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatida ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qarorda tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamda ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennale va boshqa anjumanlar o‘tkazishga alohida urg‘u berilgan.

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sodiq Azimov ko‘chasi, 35-uyda joylashgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hududida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi binosini qurish ishlarini tashkil etish ham qarorda ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasining mamlakatimiz muzeylari fondlarini mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari bilan muntazam boyitib borish va asarlar qiymatini ijodiy va moddiy salohiyatidan kelib chiqqan holda belgilash qayd etilgan.

Shu bilan birga, qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshida Badiiy ekspertlar kengashini tashkil etish, mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertlar kengashining qaroriga asosan sotib olinishi ta’kidlangan.

Shuningdek, 2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari uchun eng kam ish haqining to‘rt barobari miqdorida oylik gonorar to‘lash tizimi joriy etiladi va ushbu gonorar mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Muxtasar aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijodkorlarni har tomonlama moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, iste’dodli yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rassomlik va dizayn san’ati sohasida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, xalqimizning tasviriy va amaliy san’at sohasidagi badiiy merosini asrash va keyingi avlodlarga yetkazish, yurtdoshlarimizning tasviriy va amaliy san’at sohasidagi estetik ehtiyoj va talablarini qanoatlantirishda bu hujjat keng imkoniyatlar yaratib beradi.


Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi