Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishda uni qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar hamda moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilinadi. Bunda ma’ruzachi birinchi va keyingi o‘qishlarda fraksiyalarning (deputatlar guruhlarining) fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, konstitutsiyaviy qonunning, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarning loyihalarini qabul qilish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy ichida uning keng muhokamasini inobatga olgan holda ko‘rib chiqishi mumkin.
Agar Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilmasa, uni ko‘rib chiqish kamida bir yildan keyin qayta boshlanishi mumkin.