Tizimning ushbu imkoniyatidan foydalanish uchun Siz avtorizatsiya qilinishingiz kerak!
Ro‘yxatdan o‘tishni xohlaysizmi? Yoki tizimga o‘z loginingiz bilan kirasizmi?

Avtorizatsiya qilish Ro‘yxatdan o‘tish

Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.07.2011
Hujjat 03.02.2006 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi respublika sudlarining faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqqan holda oilani har tomonlama himoyalashga, bolalarni Vatanga va oilaga sadoqat ruhida ijtimoiy tarbiyaga mos holda, oila va jamiyat oldida javobgarlik hissida tarbiyalashga qaratilganligini ta’kidlaydi.
1998-yil 1-sentabrdan amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi oilani mustahkamlash, onalik, otalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy normalarga asoslangan. Oilani mustahkamlash, yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda oila a’zolarining manfaatlarini qo‘riqlash, voyaga yetmagan bolalar va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarini himoyalashning ustunligini nazarda tutish uning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Ko‘pchilik ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari Fuqarolik protsessual kodeksi talablariga javob bermaydi. Ularda taraflarning o‘zaro munosabatlarining tavsifi va ajralish sabablari yoritilmaydi, sudning u yoki bu dalillarni e’tiborga olmasligi uchun asos bo‘lgan holatlar, sud qo‘llagan qonunlar ko‘rsatilmaydi. Xulosa qismida nikohdan ajralishni fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar keltirilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 40-moddasi talabiga ko‘ra, nikohdan ajratish haqidagi ishlar sudda er yoki xotinning arizasiga binoan da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘riladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, FPKning 241-moddasidagi da’vogarning tanlashi bo‘yicha sudlovga taalluqlilik to‘g‘risidagi qoidalardagi istisnolar hisobga olingan holda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha da’volar qoida tarzida, javobgar doimiy yashab turgan joyidagi tuman (shahar) sudida qo‘zg‘atiladi (FPKning 145-moddasi).
3. Oila kodeksining 39-moddasiga binoan, er xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas. Bolaning otasi deb qayd etilmagan hollarda ham er bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida xotinining roziligisiz nikohdan ajralish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli emas. Ushbu qoida bola o‘lik tug‘ilgan yoki 1 yoshgacha yashamay, vafot etgan hollarga ham tatbiq qilinishi lozim. Nikohdan ajralish to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish uchun xotinining roziligi bo‘lmasa, sud eridan da’vo arizasini qabul qilishni rad etadi, agar qabul qilingan bo‘lsa, ish yurgizishni tugatadi. Xotin sudda ish qo‘zg‘atishdan oldin erining arizasi bo‘yicha nikohdan ajralishga rozilik berib, ishni ko‘rishda unga qarshilik bildirsa ham ish yurgizishni tugatish lozim bo‘ladi. Ko‘rsatilgan holatlar xotinning o‘zi nikohdan ajratish masalasini qo‘yishiga to‘sqinlik qilmaydi.
4. Voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajralishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, qoida bo‘yicha ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ajratiladi (Oila kodeksining 42-moddasi). Er-xotin o‘rtasida muhtoj bo‘lgan mehnatga layoqatsiz er yoki xotinga ta’minot to‘lash haqida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulkini bo‘lish haqida nizo bo‘lsa, er-xotin yoxud ulardan biri nikohdan ajratish haqida da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli.
5. Oila kodeksining 43-moddasida nazarda tutilgan ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar bilan nikohdan ajratish tartibini spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalarni suiiste’mol qilish natijasida muomalaga layoqatliligi cheklangan fuqarolar bilan nikohdan ajratish holatlariga tatbiq qilish mumkin emas. Qayd etilgan shaxslar bilan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’volar yoki bundaylarning nikohdan ajratish da’volari da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda hal qilinadi.
6. Uch yildan kam bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi ishlar sudlovga tegishliligi bo‘yicha umumiy qoidalarga rioya qilgan holda ko‘rilishini sudlar nazarda tutmoqlari lozim. Ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi da’vo ariza FPKning 145-moddasiga ko‘ra sudning ish yuritishiga qabul qilinadigan bo‘lsa, bunda uning hukm qilinguniga qadar oxirgi yashash joyidan kelib chiqish lozim bo‘ladi. FPK 241-moddasining 11-qismiga binoan uch yildan kam bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi ishlar, da’vogarning xohishiga qarab, u yashaydigan joyda ko‘riladi. Uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va Oila kodeksining 44-moddasida ko‘rsatilgan boshqa nizolari bo‘lmagan shaxslar bilan nikohdan ajratish Oila kodeksining 43-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. Oila kodeksining 43-moddasiga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxslar bilan nikohdan ajratish fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet el fuqarolari bilan tuzgan nikohlaridan, chet el fuqarolarining bir-biri bilan tuzgan nikohlaridan ajratish, shuningdek ularning shaxsiy va mulkiy huquqiy munosabatlariga tegishli nizolarni hal qilish O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 5-bo‘limida qayd etilgan normalar hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga kirgan davlatlar va boshqa davlatlar bilan tuzilgan fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar va huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnoma (Konvensiya)lar asosida rasmiylashtiriladi.
11. Nikohdan ajratish haqidagi da’vo ariza FPKning 149-moddasi talabiga javob berishi kerak. Shuningdek, unda qachon va qayerda nikoh rasmiylashtirilganligi, nikohlaridan farzandlari bor-yo‘qligi, ularning yoshi, er-xotin o‘rtasida farzandlarini ta’minlash va tarbiyalash haqida kelishuv bo‘lgan-bo‘lmaganligi, nikohdan ajratish haqidagi da’vo bilan birga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan boshqa talablar qo‘yilayotganligi yoki yo‘qligi, nikohdan ajralish sabablari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Arizaga nikoh haqidagi guvohnoma, bolalarning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma nusxalari, er-xotinning oylik maoshi va o‘zga daromadlari haqidagi hujjatlar va boshqa zarur bo‘lgan hujjatlar ilova qilinadi.
13. Ishni sudda ko‘rishga puxta tayyorlash zarurligiga sudlarning e’tibori qaratilsin. Sudya tomonidan FPKning 160-moddasiga muvofiq olib borilgan barcha tayyorgarlik harakatlari ajrimda o‘z aksini topishi shart.
15. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 44-moddasi 2-qismiga muvofiq, sudlar ajralishayotgan er-xotinlarning voyaga yetmagan farzandlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishlari kerak.
16. Voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish maqsadida, sud ishda aniqlangan holatlarga muvofiq OKning 44-moddasi 2-qismidagi qoidani hisobga olgan holda da’vo qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmaganligidan qat’i nazar bolalar tarbiyasi uchun nafaqa undirish masalasini muhokama qilishi mumkin.
Ishni ko‘rish boshqa kunga qoldirilgan va er-xotinga yarashish uchun muhlat berilganda sud FPKning 263-moddasi va OKning 112-moddasiga ko‘ra ish ko‘rilguniga qadar bolalar ta’minoti uchun nafaqa undirish masalasini muhokama qilishga haqli.
17. Agar nafaqa undirish haqidagi talab sirtdan hal qiluv qarori chiqarish tartibida (FPKning 224-moddasi) hal qilingan bo‘lsa, nafaqa to‘lashga majbur bo‘lgan shaxs sudning qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda hal qiluv qarorini qayta ko‘rish haqida sudga ariza berishi mumkin. Agar qarzdor sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorning bekor qilinishini talab qilsa, sudya nafaqa undirish haqidagi ushbu qarorni bekor qilish haqida ajrim chiqaradi va ishni Fuqarolik-protsessual kodeksida belgilangan qoidalar bo‘yicha ko‘radi (OK 235-modda).
Nikohdan ajralish protsessida qo‘zg‘atilgan nafaqa undirish haqidagi talabni alohida ish yuritishda ko‘rishda, agar FPKning 263-moddasi tartibida muqaddam nafaqa undirilmagan bo‘lsa, Oila kodeksining 136-moddasiga ko‘ra, nafaqa sudga murojaat qilingan kundan boshlab undirilishini, agar sud tomonidan da’vogar aliment undirish uchun barcha choralarni ko‘rishiga qaramay, javobgar uni to‘lashdan bosh tortgani sababli aliment undira olmaganini, shuningdek da’vogar oilani saqlab qolish maqsadida yoki boshqa uzrli sabablar bilan o‘z vaqtida da’vo taqdim qilmaganligi aniqlansa, sud ish holatlariga qarab, o‘tgan vaqt uchun, ammo uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga aliment undirish mumkinligini nazarda tutishi lozim.
Shu maqsadda, sud, qoidaga ko‘ra, ishni er-xotinning har ikkalasi ishtirokida ko‘rishi lozim. Er-xotindan biri kelmaganida ishni ko‘rishga faqat favqulodda hollardagina (FPKning 174-moddasi) va asoslantirilgan sudning ajrimiga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi mumkin. Er-xotindan biri doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ko‘chib ketgan bo‘lsa, sud ishning ko‘rilishi haqida unga xabar qiladi va uning sudga kelish imkoniyati bo‘lmaydigan hollarda sud tegishli ajrim chiqarib, ishni mazmunan ko‘radi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 44-moddasida, nikohdan ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan hal etiladigan masalalar yoritilgan. Nikohdan ajratish haqidagi da’vo bilan bir vaqtda er-xotinning ushbu qonunda ko‘rsatilgandan tashqari boshqa talablarini ko‘rib chiqish qonunda ko‘zda tutilmagan.
21. Oila kodeksining 29-moddasi er-xotinga nikohda bo‘lgan davrlarida va er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda o‘zgalarning mulki huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv tuzishlariga imkon berishiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasiga Oila kodeksining 31-moddasida ko‘rsatilgan munosabatlardan tashqari, er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar ham kiritilishi mumkin.
23. Oila kodeksining 23-moddasi er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulklari ekanligini belgilaydi.
24. Oila kodeksining 25-moddasiga muvofiq, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoxud boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulklari ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
29. Oila kodeksining 27-moddasiga muvofiq, er-xotin o‘rtasida bo‘linadigan mulklar tarkibiga ularning nikoh davomida orttirgan va mavjud bo‘lgan yoxud uchinchi shaxslarda bo‘lgan, mulklari (shu jumladan, pul mablag‘lari) kiradi. Er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi.
33. FPKning 210-moddasiga muvofiq, sud mol-mulkni asl holida undirish to‘g‘risida chiqargan hal qiluv qarorida, agar hal qiluv qarorini ijro etish vaqtida bo‘lingan mulk naqd bo‘lmasa, javobgardan undirib olinishi lozim bo‘lgan mulkning qiymatini ham hal qiluv qarorida ko‘rsatishi shart.
40. Taraflarning yarashganligi uchun, shuningdek boshqa asoslarga ko‘ra ish yuritish tugatilganda, sud FPKning 237-moddasiga muvofiq ajrim chiqarishi lozim va taraflarga nikoh haqidagi guvohnomani qaytarib berishga majbur.
43. Oila kodeksining 49-moddasiga muvofiq, qonunda belgilangan nikoh tuzish shartlarini buzib qayd qilingan nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Jumladan, nikoh tuzish uchun nikohlanuvchilarning o‘zaro roziliklari bo‘lmasa, boshqa bekor qilinmagan nikoh mavjud bo‘lsa, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida tuzilgan bo‘lsa, loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs bilan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikohga kirilgan bo‘lsa soxta nikoh, ya’ni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini ko‘zlamay tuzgan nikoh haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
47. Nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha sud majlisi bayonlari FPKning 21-moddasi talablariga mos kelishi lozim. Jumladan, ularda sud muhokamasining barcha ahamiyatli holatlari: da’vogar va javobgar to‘g‘risidagi, bolalar va ularning yoshlari haqidagi ma’lumotlar, da’voning mohiyati yuzasidan to‘liq tushuntirishlar, guvohlar bayonotlari, sud tomonidan boshqa dalillarning tekshirilganligi, shuningdek sudning taraflarni yarashtirish borasida qilgan harakatlari ko‘rsatilishi shart.

Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi