Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. FK 2-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra bir tarafning ikkinchi tarafga ma’muriy bo‘ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa ma’muriy-huquqiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qo‘llanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Sudlar inobatga olishi lozimki, ushbu qoida da’vo muddatiga oid qonun hujjatlarini qo‘llashda ham tatbiq etiladi.
3. FKning 149-moddasiga ko‘ra da’vo muddati — shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir.
Sudlar qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan talabnoma berish muddati da’vo muddati hisoblanmasligiga e’tibor berishi lozim. Talabnoma berish muddati bu nizoni sudgacha hal qilish tartibi hisoblanadi. Xususan, aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish to‘g‘risidagi talabi bo‘yicha (“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasi), temir yo‘lda yuk tashishda yuk tashuvchiga nisbatan bildiriladigan talablar bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l Ustavining 152-bandi), yo‘lovchilar va bagajni tashish bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar (O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 124 va 125-moddalari, Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalarining 124, 125-bandlari) bo‘yicha talabnoma berish tartibi o‘rnatilgan.
4. Sudlar inobatga olishlari lozimki, FKning 150-moddasida ko‘rsatilgan uch yillik da’vo muddati, qonun hujjatlarida ushbu muddatga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan, shuningdek da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablardan tashqari fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha talablarga nisbatan tatbiq etiladi.
5. Ayrim turdagi talablar uchun qonun hujjatlarida umumiy da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus da’vo muddatlari belgilanishi mumkin. Xususan, yuk tashish shartnomasidan kelib chiqadigan (FKning 724-moddasi), mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi (“Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasi), emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish (“Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 62-moddasi), temir yo‘l Ustavidan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l Ustavining 155, 156-bandlari) maxsus da’vo muddatlari belgilangan. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, FKning 152 — 162-moddalarining qoidalari maxsus da’vo muddatlariga ham joriy qilinadi.
6. FK 152-moddasining birinchi qismiga ko‘ra da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirilishi mumkin emas. Shu munosabat bilan sudlar inobatga olishi kerakki, ishni ko‘rish jarayonida da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelishuvi bilan o‘zgartirilganligi aniqlansa, bunday kelishuv FKning 116-moddasiga asosan o‘z-o‘zidan haqiqiy emas hisoblanadi hamda sud tomonidan inobatga olinmaydi. Bu haqda sud hujjatining asoslantiruvchi qismida ko‘rsatilishi kerak.
7. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi, da’vo muddatining o‘tganligidan qat’iy nazar, sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi (FKning 153-moddasi). Shuning uchun da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ishni sudda ko‘rish uchun tayyorlash paytida da’vo arizasida bildirilgan talab bo‘yicha da’vo muddati o‘tganligi aniqlansa, bu holat da’vo arizasini qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish uchun asos bo‘lmasligi inobatga olinishi lozim.
8. FK 153-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning qaror chiqarilgunigacha bergan arizasiga muvofiq qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. FK 154-moddasining birinchi qismiga ko‘ra da’vo muddati shaxs o‘zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan o‘ta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar FK va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
11.2. Majburiyatdagi shaxslarning o‘zgarishi (FKning 155-moddasi) da’vo muddati va uni hisoblash tartibining o‘zgarishiga olib kelmasligini sudlar inobatga olishi lozim.
12. Sudlarga tushuntirilsinki, FK 156-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan da’vo muddati o‘tishining to‘xtatilishi uchun asos bo‘luvchi holatlar qat’iydir va uni kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, FK 158-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
13. FKning 157-moddasiga ko‘ra da’vo muddatining o‘tishi belgilangan tartibda da’vo qo‘zg‘atilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini ko‘rsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi. Uzilishdan keyin da’vo muddatining o‘tishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha o‘tgan vaqt esa yangi muddatga qo‘shilmaydi.
Sudlar qarz tan olinganligini ko‘rsatuvchi harakatlar majbur shaxsning vakolatli vakili tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi lozimligiga e’tibor qaratishlari lozim. Majbur shaxsning vakolatli vakili deganda, FKning 10-bobida belgilangan tartibda vakolati rasmiylashtirilgan shaxs tushuniladi. Agar bunday harakatlar vakolatsiz shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, uning harakatlari qarzni tan olish deb baholanmasligi lozim. Sudlar inobatga olishlari kerakki, majbur shaxsning qarzni tan olganligini ko‘rsatuvchi harakatlar da’vo muddati davrida amalga oshirilgan bo‘lishi lozim. Agarda bunday harakatlar da’vo muddati o‘tgandan keyin amalga oshirilgan bo‘lib, nizoni ko‘rish paytida javobgar da’vo muddatini qo‘llashni so‘rasa, sud da’vo muddatini qo‘llaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Inobatga olish lozimki, sud tomonidan da’vo arizasini qabul qilish rad etilganda (IPKning 154-moddasi), da’vo arizasi qaytarilganda (IPKning 155-moddasi), sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etilganda (IPKning 140-moddasi), sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza qaytarilganda (IPKning 141-moddasi), shuningdek sud buyrug‘ini berish rad etilganda (IPKning 144-moddasi) da’vo muddatining o‘tishi uzilmaydi. Da’vo arizasi (ariza) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etilganda va u sud tomonidan qabul qilingandagina da’vo muddatining o‘tishi uziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. FK 158-moddasi birinchi qismining mazmuniga ko‘ra, IPKning 107-moddasiga asosan da’vo ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atilgunga qadar o‘ta boshlagan da’vo muddati umumiy tartibda davom etadi.
FKda da’voni ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lgan, ya’ni IPKning 107-moddasida ko‘rsatilgan birorta holatda, hatto da’vo IPK talablariga rioya etilgan holda berilgan bo‘lsa ham (IPK 107-moddasining 6–9-bandlari), da’vo muddatining uzilishi nazarda tutilmagan. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, da’vo ko‘rmasdan qoldirilganda, FKning 157-moddasi qoidalari qo‘llanilmaydi, ya’ni ko‘rmasdan qoldirilgan da’vo arizasi bo‘yicha da’vo muddatining o‘tishi u berilgan paytdan uzilmaydi.
16. FK sud da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerakligini nazarda tutadi (FKning 159-moddasi).
Sudlar inobatga olishi kerakki, FKda da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topish va uni tiklash to‘g‘risida ariza berilishi shartligi nazarda tutilmagan. Shuning uchun, agar da’vo muddati o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa va javobgar tomonidan da’vo muddatini qo‘llash talab etilsa, sud da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi sababini aniqlashi hamda ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni da’vogardan talab qilib olishi lozim.
FKda qaysi holatlar (sabablar) da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligini uzrli deb topish uchun asos bo‘lishi ko‘rsatilmagan. Shu munosabat bilan sudlar da’vo muddatini o‘tkazib yuborilishining sabablarini ushbu holatlarni tasdiqlash uchun taqdim etilgan dalillar bilan birga o‘rganishlari, ularni muhokama qilib, mazkur masala yuzasidan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlarini eshitib, ularga huquqiy baho berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Da’vo arizasiga da’vo muddatini tiklash haqida ariza ilova qilingan yoki da’vo arizasida da’vo muddatini tiklagan holda uni ish yuritishga qabul qilish so‘ralgan bo‘lsa, da’vo arizasi IPK talablari asosida berilgan taqdirda, u ish yuritishga qabul qilinishi kerak. Bunday holatda da’vo muddatini tiklash masalasi sud majlisida javobgar tomonidan da’vo muddatini qo‘llashni bayon qilgandagina hal qilinadi.
17. FKning 161-moddasi talablariga ko‘ra majbur shaxs o‘z majburiyatini da’vo muddati o‘tganidan keyin bajargan bo‘lsa, ijro etish paytida da’vo muddatining o‘tib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganligidan qat’iy nazar, bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas. Shuning uchun o‘z majburiyatini da’vo muddati o‘tganidan keyin ijro etgan shaxs ushbu harakat da’vo muddati o‘tganidan keyin amalga oshirilganligini asos qilib, bergan narsasini qaytarish haqidagi da’vo bilan murojaat qilsa, bunday da’voni qanoatlantirish rad etilishi lozim.
18. FKning 163-moddasida da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar ro‘yxati keltirilgan.
FK 163-moddasining beshinchi xatboshisiga ko‘ra jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi. Shuni inobatga olish lozimki, jinoyat tufayli yetkazilgan zarar qonuniy kuchga kirgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudning hukmi, ajrimi, yoki tergov organining qarori bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
18.1. Sudlar inobatga olishlari kerakki, mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish haqidagi talablarga (vindikatsion da’vo) nisbatan umumiy da’vo muddati qo‘llaniladi, FKning 231-moddasida qayd etilgan talablarga, ya’ni mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham (negator da’vo), bartaraf etish haqidagi talablarga nisbatan esa da’vo muddati joriy qilinmaydi.
18.2. FKning 163-moddasida qayd etilgan da’vo muddati joriy etilmaydigan talablar qat’iy emas. Qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga nisbatan ham da’vo muddatlari joriy qilinmasligi mumkin.
19. Sudlarga tushuntirilsinki, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 35-moddasi talablaridan kelib chiqib, korxona, muassasa va tashkilotlarning qarzdorliklarini undirish haqidagi da’vo arizalari da’vo muddati o‘tganligi sababli rad etilganda, sud ushbu qarzdorliklarni o‘z vaqtida undirish chorasini ko‘rmasdan da’vo muddatini o‘tishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik masalasini hal etish uchun prokuratura organlariga xabar qiladi.

Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi