Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan Avvalgi ko‘rinishiga o‘tish
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi

 O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi foydalanuvchilari uchun qo‘llanma

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi axborot tizimiO‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-sonli “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan faoliyat yurituvchi huquqiy axborot izlash tizimi bo‘lib, normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda izlash va ular bilan tanishish imkonini beradi.

Qollanmani elektron yuklab olish


O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi Lex.uz haqida


Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi Lex.uz (keyingi oʻrinlarda Lex.uz) huquq va huquqiy axborotlashtirish sohasida davlatning asosiy huquqiy axborot resursi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilingan barcha qonun hujjatlarini eʼlon qiladigan yagona rasmiy elektron manbadir.

Lex.uz dan foydalanishni, normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini taʼminlash “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining asosiy vazifalari biri hisoblanadi.

Mazkur axborot resursi aholining keng qatlami foydalanishi uchun ochiq boʻlib, qoʻshimcha roʻyxatdan oʻtishni talab qilmaydi.

Lex.uz Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida joriy qilingan va 2007-yilda 1-maydan rasmiy ishga tushirilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 340-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasidan keng foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning qonunchilik hujjatlar matnlaridan keng foydalanishini taʼminlash, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy vositalaridan foydalangan holda huquqiy axborotlarni aholi eʼtiboriga yetkazish uchun qushimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2010-yil 1-yanvardan boshlab barcha foydalanuvchilarning Lex.uz dan tekin foydalanishi joriy etilgan.

Hozirgi kunda Lex.uz Internet tarmogʻi orqali normativ-huquqiy hujjatlardan bepul keng koʻlamda foydalanish imkonini beruvchi mamlakatimizdagi yagona axborot-huquqiy tizim boʻlib hisoblanadi.

“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuning 17-moddasiga asosan Lex.uz ga 2017-yil 25-sentyabridan normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 39-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardan biridir.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi maʼlumotlari milliy bazasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari eʼlon qilinadigan rasmiy manbasi hisoblanadi.

Lex.uz boshqa manbalardan bir qator afzalliklarga ega:

  • birinchidan, hujjatlar Lex.uz da nafaqat eʼlon qilinadi, balki elektron shaklda kiritilib, ularga ishlov beriladi va foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratiladi, bunda foydalanuvchilar undan elektron resurs sifatida foydalanish, nusxa koʻchirish, hujjatlar ichida berilgan havolalar orqali boshqa hujjatlarga tezkor va oson oʻtish imkoniyatiga ega boʻladi. Bulardan tashqari koʻplab texnik amaliy imkoniyatlar mavjud;
  • ikkinchidan, qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar tezkor yangilab boriladi, bunda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga asos boʻlgan hujjatlarga havolalarning berilish foydalanuvchilar uchun oldingi va keyingi tahrirlarini koʻrish va taqqoslash imkonini beradi;
  • uchinchidan, bazada havolalar yoki muayyan boʻshliqlar mavjudligini koʻrsatib bergan havolaki normalarga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qoʻshimcha axborot sifatida koʻrsatiladi, yaʼni ularga havola beriladi va foydalanuvchi bir paytning oʻzida ham qonun, ham qonunosti hujjati bilan tanishadi;
  • toʻrtinchidan, bazada hujjatlarni turli xil kategoriyalar asosida, shu jumladan qonunchilik tarmoqlariga koʻra qidirish tizimining mavjudligi foydalanuvchilar uchun kerakli hujjatlarni topishni osonlashtiradi.
  • Bugungi kunda Lex.uz da oʻzbek, rus va lotin alifbosidagi qonunchilik hujjatlari, sud hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari matnlaridan tashqari sudga oid hujjatlar, shartnomalar, kelishuv, bitimlar, ishonchnomalar, korporativ hujjatlar, shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, ariza, iltimosnomalar namunalari, notarial tasdiqlanadigan hujjatlar ham oʻrin olgan.

Shuningdek, Lex.uz da “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami” kabi rasmiy nashrlarning elektron shakli ham joylashtirilib, foydalanuvchining ushbu nashrlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, bazada fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi, shuningdek, chet el investorlari uchun muhim ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning ingliz tiliga tarjimalari mavjud boʻlib, ularning koʻlami kengaytirilmoqda.